Audiofaylni qo‘shish
00:03:50

Ona tilim - G‘. Majid

"Ona tilim" - G‘ayrad Majid she’ri.

Audiokitobning matni

Manim oftoblarim, manim oylarim,

Toshbitigim - O‘rxun-Enasoylarim.

Faqat yuragimga ayon o‘ronim*,

Ona tilim - jonim O‘zbekistonim.

Bu jahon ichinda bir jahon tilim,

Otajon tilimdir, onajon tilim.

Olis-olislardan kelgan dardlarim,

Mahmud Qoshg‘ariydan meros xatlarim.

Olam aro mening shajaram, ko‘rkim,

Ildizim - “Devoni lug‘otit turk”im.

Ruhim eshigini kelgaydir ochib,

O‘n asr naridan Yusuf Xos Xojib.

So‘zlar ganji birlan to‘qdir iligim,

“Qutadg‘u bilig”dir qutlug‘ biligim.

Ne uchun toliblar bo‘lmasin zakiy,

O‘zi til o‘rgatsa Ahmad Yugnakiy.

Haqning tuhfasiga tomm loyiqdir ul,

Anglasang, “Hibat ul haqoyiq”dir ul.

Payg‘ambar hadisi - ne’matlarga boq,

Undan bahra olgan hikmatlarga boq.

Kim Ahmad Yassaviy so‘zini bilmish,

Haqni, Rasulini, o‘zini bilmish.

Bizlarga Tangrining atoyi - tilim,

Mavlono Lutfiyyu Atoyi tilim.

Bitgaydir ichimni to‘ldirgan hasrat,

Tavajjuh qilsalar Navoiy hazrat.

Bori tillar ichra rutbam tayindir,

Bu “Muhokamat ul lug‘otayin”dir.

Qo‘limdan qo‘ymayman “Boburnoma”ni,

Vatanga muhabbat - taqdir nomani.

Yuragimga yuqqan dard-ohi bilan,

Hayotim nurlidir Ogahiy bilan.

Oshiq dil maqsudu matlabi undan,

Tarjima san’atin maktabi undan.

Vatan, til mangudir, kishi bor - o‘tar,

Qay dilda shu so‘z bor - u Avaz O‘tar.

Vosita, robita, olamiyon - til.

Bani odamga jon, foida kon - til.

Daraxtdan uzilgan yashil barglarim,

Oh, juvonmardlarim - juvonmarglarim.

Hayotim to‘lagan o‘lponlarimdir -

Fitratu Qodiriy, Cho‘lponlarimdir.

Millatning, Vatanning joni til bilan,

Shuhrati, shavkati, shoni til bilan.

Hayot yo‘li bizga oina - ibrat,

Behbudiy, Sidqiyu Is'hoqxon Ibrat.

Bildim, iymon uchun zo‘r qo‘rg‘on - tilim,

Yo‘lim ham, dilim ham charag‘on tilim.

Tilga xiyonatni kechirmaydi dil,

Elga xiyonatni kechirmaydi el.

Tilga sadoqat bu - elga sadoqat.

Elga sadoqat bu - tilga sadoqat.

Manim Mahshargacha ravon yo‘lim bu,

Olam ayvonida mangu tilim bu.

Yuragim tarannum etgan bayotman,

Turkiy tilim bordir, men barhayotman.

G‘ayrat Majid

*O‘ron - o‘z kishilarini tanish uchun uchrashganda aytiladigan va oldindan belgilab qo‘yiladigan shartli maxfiy so‘z

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit