Audiofaylni qo‘shish
00:03:52

«Samo bilan bo‘ylashar varragim»

«Samo bilan bo‘ylashar varragim»

Audiokitobning matni

Tinchlik hukmronlik surayotgan yurtimiz musaffo osmonida, sho'x shabbodada hilpirab raqs tushgan varraklar go'yo navqiron avlodning beg'ubor orzu-umidlari nechog'li yuksakligidan dalolat berayotgandek. Yosh avlod qalbida qadimiy tariximiz va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg`usini kuchaytirishga xizmat qiluvchi va shu bilan bir qatorda, shaxsning kamolga yetishida “Varrak uchirish” va shu kabi Navro`z sayllari beqiyos ahamiyat kasb etishi tayin.

Maktab davrlarimda, varrak uchirish sayliga bobom bilan qatnashganimni elas-elas eslayman. Hayajon va quvonch ila, bobom qo’llaridan mahkam tutgan holda, osmonda uchayotgan varraklarga havas bilan qaragandim o’shanda. O`sha daqiqalarda, yuragimda olam-olam orzu-niyatlar va maqsadlarni xayol qilib, orzularim xuddi o’sha varrak qanotlarida ko’kka tomon bo’y cho’zishini istagandim. Ichki kechinmalarimni anglagan bobom bo’lsa, varrak uchirish saylining ahamiyatini so’zlab bergandi.

Mustaqillik bizga nafaqat, hurlik va jahon hamjamiyatida o’z o’rnimizga ega bo’lishimizga imkon berdi, darhaqiqat, u asrlar davomida unutilgan o’zligimizni ya’ni milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizni qaytarib berdi desak mubolag`a bo`lmaydi. Mana shunday qadriyatlarimiz misolida milliy o’yinlarimizni keltirishimiz mumkin. Milliy o’yinlar azaldan xalqimiz hayotining muhim qismi bo`lib kelgan. Bu Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Mahmud Qoshg`ariy, Bobur kabi ulug` ajdodlarimiz asarlarida ham qayd etilgan. “Varrak uchirish” sayllari ham mana shunday o’yinlardan biri hisoblanib, bu sayl orqali yosh avlod vakillarida o`zlarini o`rab turgan dunyoni tushunish va unga ta’sir o`tkazish ehtiyoji shakllanadi. Hayotga, o`zini o`rab turgan hayvonot va nabodot olamiga mehr uyg`onadi. Bu kabi sayllar natijasida inson tarbiyalanadi, shaxs kamol topadi.

Men shaxs sifatida kamol topayotganimni, hayotda o`z maqsadlarimni qo`yib, u tomon olg`a qadam-la borayotganimni xuddi “Samo tomon parvoz etayotgan varrakka” qiyoslayman. Varragimning xavfsiz va bardavom parvoz etishida esa, osmoni musaffo va farovonlik hukm surayotgan yurtimizning o`rni beqiyosdir. Yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va oqil olib borilayotgan davlar boshqaruvi sabab, maktab yillaridan boshlab kitobga, ilm olishga mehrim oshdi. Yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, yurtimizdagi eng nufuzli oliygohlardan biri “Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universiteti” ga imtiyoz asosida qabul qilindim. Universitetda tahsil olish jarayonida yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlardan keng foydalanib kelmoqdaman. Maqsadim esa, mana shu musaffo osmon uzra uchayotgan varragim qanotlaridagi orzu-intilishlarim yurtimiz va xalqimiz tinchlik va farovonligi va davlatimiz rivojlanishiga o’z hissamni qo’shishdir.

Xulosa tariqasida shuni aytishim mumkinki, o’zbek xalqining milliy qadriyati hisoblangan “Varrak uchirish” sayllari shaxs kamolotida muhim o’rin egallaydi. U endi hayot ostonasiga qadam qo’yayotgan yoshlarni o’z yurtiga sodiq va mehrli bo’lishga undaydi. Bu kabi sayllar orqali yoshlar O`zbek xalqining naqadar boy qadriyat va an’analarga egaligini teran anglaydi desak mubolag`a bo`lmaydi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit